Tarix

O`tmishga bir nazar

O’zbekistonimiz o’zining qadimiy dehqonchilik maktabi va an’analariga ega, tuproqdan zar undirishga qodir bo’lgan haqiqiy mirishkorlar yurti hisoblanadi. Qadimiy manbalarga ko’ra, paxtachilik bizga miloddan avvalgi 2000 yillarda kirib kelgan va uni qayta ishlash sohasi ham deyarli o’sha vaqtlarda paydo bo’lgan.

Paxtani qayta ishlash – tozalash, chigitdan ajratish, tola va momiq olish ishlari ham paxta ekish bilan bir vaqtda boshlanib, asrlar mobaynida, taxminan XIXasr oxiri – XX asr boshlarigacha eng oddiy usulda, ya’ni chig’iriq, charx, devcharx, yig, savag’ich kabi sodda mehnat qurollarida bajarib kelingan.

Chor Rossiyasining O’rta Osiyoni o’z mustamlakasiga aylantirishdan ko’zlagan asosiy maqsadi ham paxta etishtirish qulay bo’lgan maydonlarni egallash va bu bilan o’zining to’qimachilik korxonalarini bu qimmatli xomashyo bilan ta’minlashdan iborat bo’lgan. Chor Rossiyasining savdogar va sanoatchilari avvaliga bozorlardan chig’iriqdan chiqarilgan paxta tolasini sotib olish bilan cheklangan bo’lsa, keyinchalik sohani rivojlantirish maqsadida ular tomonidan Meksikadan tezpishar o’rta tolali paxta navlarini olib kelinishi paxtachilik bilan shug’ullanadigan yirik shirkatlarning tuzilishiga, paxta tozalash zavodlarining qurilishiga sabab bo’ldi.

Turkistonda bug’ mashinasi yordamida ishlaydigan birinchi paxta tozalash zavodi 1874 yili Toshkentda qurilgan. Bir necha yildan keyin Andijon, Kattaqo’rg’on, Samarqand, Marg’ilon, Qo’qon va Namanganda shunday zavodlar ishga tusha boshladi. Bu korxonalarda deyarli barcha ishlar qo’lda bajarilar edi.

Etishtirilgan paxta hosilini dehqonlardan sotib olish, uni zavodlarda qayta ishlash va tolani pullash bilan yirik firmalar shug’ullanar, ular o’zlarining komissioner (tarozidor)lari orqali dehqonga qarz berib, kelgusi paxta hosilidan ko’riladigan katta foyda evaziga bo’nak tarqatar, dehqon esa o’zi etishtirgan mahsulotni faqat bo’nak bergan tarozidorga topshirar, tarozidorlar esa Turkistonda etishtirilgan paxtaning to’rtdan uch qismini sotib olishar edi. Shunday qilib, o’zbek dehqonlari Rossiyaning sudxo’r savdogarlari kapitaliga qaram bo’lib qolgan edi.

1913 yili Turkistonda 424,6 ming gektar maydonga paxta ekilgan va uchta dehqonchilik viloyati: Farg’ona, Sirdaryo va Samarqandda 208 ta kamquvvatli paxta zavodi mavjud bo’lib, ularda 8000 nafardan ziyod ishchi mehnat qilgan.

1918 yilga kelib paxta sanoatini milliylashtirish jarayonida 296 ta paxta tozalash zavodidan 120 tasi qisman mexanizasiyalashtirilgan. Qolganlari esa qo’l mehnatiga asoslangan. Oradan uch yil o’tgach esa, turli sabablarga ko’ra, atigi 16 ta paxta zavodi qolgan. Faoliyati to’xtatilgan zavodlarning asbob-uskunalari talon-taroj qilingan.

O’sha davrda Turkistonda paxtani qayta ishlaydigan korxonalar uchun uskunalar ishlab chiqariladigan mashinasozlik zavodi bo’lmagan. Faqatgina 1927 yili Toshkentda birinchi mashinasozlik zavodi ishga tushirilgach, paxta maydonlari ham birmuncha kengaygan. O’sha yillari O’zbekiston bo’yicha 543,2 ming gektarga paxta ekilib, hosildorlik gektariga 10,52 sentnerni tashkil qilgan. Bu hosilni o’z vaqtida sifatli qayta ishlash uchun yuqori quvvatli paxta zavodlari zarur bo’lgan va 1928 yilga kelib, O’rta Osiyodagi paxta tozalash zavodlari soni 62 taga etgan.

1940 yilda O’zbekistonda tola ishlab chiqarish 500 ming tonnaga etgan bo’lsa, Ikkinchi jahon urushi yillarida gektaridan olinadigan hosil sezilarli darajada kamaygan, ya’ni 1943 yili bu ko’rsatkich 8 sentnerdan oshmagan. 1958 yilda ishlayotgan paxta tozalash zavodlarining quvvati 3,5 million tonna paxtani qayta ishlash imkoniga ega bo’lgan. 1980 yilga kelib, haqiqiy ishlab chiqarilgan tola miqdori 1745, 3 ming tonnani, jinlar soni esa 729 tani tashkil etgan.

Ko’rinib turibdiki, mamlakatimizda paxtachilik va uni qayta ishlash tizimi katta yo’lni bosib o’tgan. Lekin faqat O’zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin barcha sohalarda bo’lgani kabi paxta sanoatida ham haqiqiy rivojlanish davri boshlandi.